2024–2025 o‘quv yili davomida «International House Toshkent» akademik litseyi ingliz tili bo‘yicha o‘quvchilarni tayyorlashda yetakchi ta’lim muassasalaridan biri sifatida o‘z maqomini yana bir bor isbotladi. Litseyda tahsil olayotgan 150 ga yaqin o‘quvchi ingliz tilini B2 va C1 darajalarida bilishini tasdiqlovchi sertifikatlarni muvaffaqiyatli qo‘lga kiritdi. Ushbu natijalar umumyevropa til kompetensiyalari tizimi — CEFR standartlariga to‘liq javob beradi. Qolgan nomzodlar esa hozirda rasmiy natijalarni kutishmoqda.
Bu yutuqlar — litsey pedagoglarining puxta tizim asosida olib borayotgan faoliyati, zamonaviy o‘qitish metodikasi va har bir o’quvchining individual o‘sishiga e’tibor qaratilishi natijasidir. Litseyda xalqaro o‘qitish standartlari asosida ishlab chiqilgan metodikalar amalda keng qo‘llanilmoqda. Aynan shu yondashuv CEFR hamda IELTS darajasidagi imtihonlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish imkonini bermoqda.
Litsey ma’muriyatiga ko‘ra, erishilgan natijalar nafaqat faxr manbai, balki kelajakdagi yanada yirik marralar sari dadil harakat qilish uchun kuchli motivatsiya hamdir. Akademik litsey o‘quvchilari bu orqali nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham o‘z salohiyatini namoyon qilmoqda.