contact@iht.uz +998 71 237-31-70

“Iymon va Bilim”

Dunyodagi nufuzli universitetlar reytingida 23-oʻrinni egallagan, AQSH universitetlari orasida 9-oʻrinda turgan DUKE universitetining shiori – “Iymon va Bilim” hisoblanadi. Yuqoridagi universitetda bor-yoʻgʻi toʻrt nafar oʻzbekistonlik taʼlim oladi, ulardan beshinchisi International House Tashkent litseyining DUKE universitetiga oʻqishning 95%ini (220.000$) qoplaydigan grant asosida kirgan oʻquvchisi bo’ldi. Ahmedjonov Sardor barcha abituriyentlar orasidan shu universitetga oʻqishga kirganlarning 8 foizidan biri boʻldi.

— Sardor, aytingchi, qancha vaqt tayyorlandingiz?

 Oʻqishga kirish uchun litseyning birinchi kursidan tayyorgarlik koʻrishni boshladim. Oʻtgan oʻquv yilining avgust va fevral oylarida IELTS ni 6.0 ga topshirdim. Natijalarimdan qoniqmaganim uchun tayyorgarlikni davom etaverdim va mana, bir yarim yildan beri shugʻullanmoqdaman.

 — Kirayotganingizda sizga nima kerak boʻldi?

Qanday imtihonlar/aspektlar?

 Fikrimcha, eng asosiy aspekt bu—ushbu universitetda oʻqish xohishining kuchliligida. Chunki, men hujjat topshirgan universitetimga IELTS yoki SAT ham kerak emas edi. Darsdan tashqari olgan yutuqlarim va motivatsiya maktubimni yaxshi taqdim etganim tufayli oʻqishga kirdim. 

 — Sizga IELTS va SAT kerak boʻlmagani bois, komissiya til bilimingizni qanday sinovdan oʻtkazdi? 

 7-dekabr kuni soat tungi 1:00 da men bilan Rassel Devidson Oʻrta Osiyoda bakalavriatga qabul dekani suhbatlashdi. Suhbat juda gʻayrioddiy boʻldi, meni oʻylantiradigan qiziqarli savollar berildi. «Nima uchun aynan shu universitetni tanladingiz?», “Siz insonga qanday va qachon ta’sir qildingiz va bu uning hayotini qanday oʻzgartirdi?» va boshqalar. Bu universitetning asosiy kampusi AQSHda, lekin men Xitoyning Sujou shahridagi kampusni tanladim, chunki u eng yosh va innovatsion rivojlangan filialdir.

 — Nima uchun e’tiboringizni aynan shu universitetga qaratdingiz? 

 Mening amakivachcham ham shu universitet talabasi, uning sharhlari menga qisman ta’sir qildi. Bundan tashqari, DYUKning dunyoning global muammolari boʻyicha «Interdisciplinary Core Curriculum” kursi bor, bu meni juda qiziqtirdi. Uchinchidan, bu «Chinese Mandatory” kursi, men xitoy tilini yaxshi koʻraman va bu tilni oʻrganishni juda xohlayman. Hamda, men Xitoyda ikki yil va AQShda ikki yil oʻqish imkoniyatiga ega boʻlaman, bu menga koʻp imtiyozlar beradi. 

 — Boshqa universitetlarni koʻrib chiqdingizmi? 

 Albatta, DYUKdan tashqari 8 ta universitetga hujjat topshirdim. 88 ming dollar grant olib, Arizona universitetiga oʻqishga kirdim. Hozirda University of Richmond, Hendrix college, Yale University lardan javob kutyapman.

— Nima uchun AQSH, Xitoy kabi qiyin yoʻlni tanladingiz? Yaqinroq davlatlarni tanlasangiz boʻlmasmidi? 

 Eng avvalo, men Xitoyga borishni xohlardim, chunki Amerika sun’iy intellektni rivojlantirish boʻyicha yetakchi boʻlishiga qaramay, menimcha, hozirda Xitoy bu sohaga eng koʻp sarmoya kiritmoqda. Men Xitoyning Yahoo, Aliexpress kabi yetakchi kompaniyalarida ishlash va stajirovka qilish uchun koʻproq imkoniyatlarga ega boʻlaman.

 — Qabul qilish qiyinligini 10 balli tizimda qancha baholay olasiz?

 11/10. Esimda, insholarimni yozish jarayonini iyul oyining boshida birinchi qoravarogʻimni tayyorlaganimda boshlaganman va 29-oktabr kuni kechqurun soat 2 da topshirganman. Motivatsion xatdan tashqari, men «Nega DYUK universiteti?» va «Nima uchun aynan shu yoʻnalish?» mavzusida ikkita insho yozishim va kelajak uchun rejalarim bilan oʻrtoqlashishim kerak edi.

 — Shu o‘rinda, kelajak rejalaringizni biz bilan o‘rtoqlasha olasizmi?

 Ushbu universitetda o‘qiganimdan so‘ng magistratura va doktoranturaga kirish niyatim bor.

— Kirishdan oldin bilib olmoqchi boʻlgan narsangiz bormi? 

 Xoʻsh, birinchi navbatda, aynan shu universitetda menga IELTS kerak boʻlmadi. Men SAT ni IELTS 8.0+ dan a’lo natijalar bilan topshirgan, ammo DYUK Universitetidan rad javobni olgan talabalar misollarini koʻrdim. Maʼlumot uchun, ushbu universitetga Oʻzbekistondan 4 kishi hujjat topshirgan boʻlsa, faqat men — SAT va IELTSsiz oʻqishga qabul qilindim. Oʻylaymanki, bu darsdan tashqari yutuqlarning ahamiyati kattaligini isbotlaydi. 

 — Oʻqishga kirmoqchi boʻlgan, lekin qoʻrqqanlarga maslahatingiz bormi? 

 Birinchi IELTS topshirganimda AQSH haqida umuman o‘ylamagandim. Men Westminsterga kirishni, bu yerda to‘rt yil oʻtkazib, keyin 9/5 grafik asosida kunimni zerikarli ofisda oʻtkazishni o‘ylar edim. Lekin men ijtimoiy tarmoqda Universitet talabalarining sahifalarini kuzatar edim va koʻproq motivatsiyaga ega boʻldim. Meni qancha rad etishsa ham, keyingi yillar ham hujjat topshirishni maqsad qilib qoʻydim. Rad etilishdan qoʻrqmasdan, faqat harakat qilish kerak.