contact@iht.uz +998 71 237-31-70

21 Oktyabr O’zbek tili bayrami

Tilga hurmat – elga hurmat

Ona tili har bir millatning bosh belgisi, maʼnaviy boyligi sanaladi. Kishi qaysi tilda so‘zlay boshlasa, o‘sha tilda tafakkur ham qiladi. Tug‘ilib o‘sgan yurti rivoji, taraqqiyoti uchun bor kuchu bilimini ishga soladi. Hazrat Alisher Navoiy bobomiz bejiz “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz”, deya yozmagan.

Bu yil o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 31 yilligini nishonlaymiz. Ushbu muddat tarix oldida qisqa fursatdek tuyulsa-da, o‘tgan yillar davomida tilimizning nufuzi va obro‘si yana-da yuksalgani, ona tilimizda so‘zlashuvchilar soni jahon miqyosida qariyb 50 million kishiga yetgani ham barchamizga g‘urur, iftixor bag‘ishlaydi.

Har bir sohadagi rivojlanishning huquqiy asoslari bo‘lgani kabi, ona tilimiz istiqboli yo‘lida muhim qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Jumladan,  Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni,  joriy yilning 10 aprel kuni esa “O‘zbek tili kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining imzolanishi ham bu yo‘ldagi saʼy-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Tilshunoslarning maʼlum qilishicha, bugun Yer yuzida 7 mingga yaqin til va lahja bo‘lsa, shulardan bor-yo‘g‘i 178 tasi davlat tili maqomiga ega. Ular orasida o‘zbek tili ham borligi – baxtimiz, albatta. Ammo ona tilini asrab-avaylash, uning boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish lozimligi faqat adabiyotshunoslar, shoir va yozuvchilarning ishi emas, balki o‘zbek farzandiman deb, o‘z ona tilida tafakkur qiluvchilar, yaʼni, har birimizning burchimiz hisoblanadi. Shunday ekan, kundalik turmush-tarzimizda, muloqot jarayonlarida o‘z tilimiz boyligidan unumli foydalanishimiz kerak.

Buning amaliy ifodasini davlatimiz rahbarining joriy yil 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlaganida ko‘rdik. Mazkur tarixiy voqea xalqimiz, millat  nufuzi uchun misli ko‘rilmagan yutuq bo‘ldi. Ilk bor xalqaro tashkilot minbarida o‘zbek tilida nutq so‘zlanishi qalblarimizni yana bir bor iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirdi.

Buyuk maʼrifatparvar Abdulla Avloniy “millatni millat ekanligini ko‘rsatadigan uning ona tilidir. Tilni yo‘qotmak bu millat ruhini yo‘qotmakdur yoki har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadigan oyinai hayoti til va adabiyotidir”, deganda aynan shu ulug‘ istakni taʼkidlagan edilar. Bugungi avlod ham o‘z ona tilining sofligini saqlashi va uning nufuzini oshirish uchun intilishi lozim.

Tilga hurmat – elga hurmat, degani. Bugun xorijiy tillarni qancha ko‘p o‘rgansak, shuncha yaxshi. Biroq bu ona tilini yo‘qotish evaziga bo‘lmasligi kerak. Zero, ona tilimizning yana-da baralla yangrashi, rivojlanishi uchun barchamiz birdek masʼulmiz.

Iroda MAMARAJABOVA,

TIQXMMI  International House Tashkent akademik litseyining O‘zbek tili fani yetakchi o‘qituvchisi.