contact@iht.uz +998 71 237-31-70

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir

“TIQXMMI” MTU saroyida buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir tashkilotchisi sifatida “International House Toshkent” akademik litseyi ishtirok etdi. Unda litsey o‘quvchilari, universitet talabalari hamda oliygoh rahbariyati vakillari qatnashdilar.

Tadbirda “TIQXMMI” MTU rektorati vakillari, shuningdek, akademik litsey direktori Alisher Xasanovich Tillayev ishtirok etdi. Yig‘ilganlarga universitet prorektori Ruzimurat Kongratovich tabrik so‘zi bilan murojaat qildi. U o‘z nutqida Boburning boy ma’naviy va adabiy merosi, uning jahon adabiyoti va davlatchilik tarixidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, buyuk ajdodimizning ibratli hayot yo‘li yoshlar uchun doimo namuna bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Tadbir davomida xalq artisti Muhammadali Abdukunduzov ham so‘zga chiqdi. U Bobur ijodining mazmun-mohiyati, asarlarining tarixiy va ma’naviy ahamiyati haqida fikr bildirib, yoshlarni ajdodlar merosini chuqur o‘rganishga chorladi.

Dastur doirasida litsey o‘quvchilari tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etildi, Bobur g‘azallari va asarlaridan parchalar o‘qildi. Ishtirokchilar o‘z iste’dodi va puxta tayyorgarligini namoyon etdilar.

Tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tdi va yoshlar qalbida Bobur merosiga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada mustahkamladi.